TOShKENT, 27 okt — Sputnik. “Paxtakor”ning yangi bosh murabbiyi gollandiyalik Piter Xuistra O‘zbekistondagi futbol maydonlarini tanqid qildi, deb xabar qilmoqda FK rasmiy sahifasi.
Xususan, Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yindan so‘ng, "Paxtakor" bosh murabbiyi unga ikki narsa ma’qul kelmaganini aytdi.
Birinchisi, adashmasam ikki tur oldin shu hakam Qo‘qondagi o‘yinni boshqarib borgandi. Uch turda ikkinchi marta bir hakamning "Paxtakor"ning safardagi o‘yiniga tayinlanganini tushunmadim, - dedi Xuistra.
Hakamlik umumiy darajada yomon emas. Hozir VAR bor, negadir hamma o‘yinda ham bu ishtilmaydi. Bugungi o‘yinda ham VAR bo‘lganida Matichning goli hisobga olingan bo‘lardi. VAR har bir o‘yinda ishlatilishi kerak edi. Hakam muxlislarning reaksiyasiga bog‘lanib qoldi, mezbon futbolchilari yiqilsa muxlislar ta’siri ostida hakam jarima zarbalarini berib tashladi.
Ikkinchisi juda ham yomon maydon. Bu shunchaki yomon emas, juda va juda yomon holatdagi maydon! O‘xshatishimiz qo‘pol chiqar, ammo Niderlandiyada bunday maydonga itlarni ham sayrga olib chiqishmaydi! Muxlislar birinchi va ikkinchi o‘rindagi jamoalar ishtirokidagi o‘yinda chiroyli futbol ko‘rmadik deb e’tiroz bildirishi mumkin, lekin avval maydonga boqish kerak. Sifatli futbol nega bo‘lmaganini maydon aytib turibdi. Maydon bo‘lmasa hech qachon sifatli futbol va futbolning o‘sishi bo‘lmaydi! Umid qilamanki, bu borada ishlar amalga oshirib boriladi.
Maydonlar Superliga yuzi hisoblanadi. Buni hal qilish kerak edi. O‘tgan mavsum maydonlar holati yaxshi edi, ammo bir yil ichida nima bo‘ldi-ki biz oxirgi paytlarda safarda faqat yomon maydonda o‘ynayapmiz. Agar men ishlayotgan klubda shunday maydon bo‘lganida o‘zimni noqulay his qilgan bo‘lardim. Yaxshi maydonlar iqtidorli futbolchilaning o‘sib borishiga yordam beradi. Bunday maydonlarda yosh futbolchilar o‘smaydi.
"Turon" misolida bir gapni aytmoqchiman, ular barcha sharoitlarni yaratishgan, maydoni ham ajoyib. Bu jamoa nega ko‘p ochko jamg‘armayapti, bilasizmi? Sababi ular safarga borishadi va yomon maydonda o‘ynashadi, - dedi Xuistra.
Eslatib o‘tamiz, Piter Xuistra "Paxtakor"ga 2021-yil yanvaridan boshlab yetakchilik qilib kelmoqda. 2017yildan buyon u jamoa bosh murabbiyi Shoti Arveladzening yordamchisi lavozimida ishlab kelgan.