TOShKENT, 27 okt – Sputnik. Tez orada Telegram ijtimoiy tarmog‘i o‘zining rasmiy reklamalarini ko‘rsatishni boshlaydi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov o‘zining rasmiy sahifasida xabar berdi.
Durov bu yangilikni tarmoq foydalanuvchilariga minimal ta’sir ko‘rsatishiga va faqatgina ba’zi foydalanuvchilar buni sezishlari mumkinligiga ishontirdi. U shunday deb o‘ylashining uchta sabablarini ham ko‘rsatib o‘tdi.
Birinchi sabab, Telegram, chatlar ro‘yxatida, shaxsiy yozishmalar va guruhlarda reklamalarni ko‘rsatmaslikka va’da berdi. "Reklama faqat yirik kanallarga ta’sir qiladi – bunday kanallardagi reklama, qo‘llab-quvvatlash va servislar Telegram uchun katta yuk bo‘lmoqda", – deya qo‘shimcha qildi kompaniya rahbari.
Ikkinchi sabab, reklamalarni namoyishlarida shaxsiy ma’lumotlar e’lon qilinmaydi. Foydalanuvchilarning maxfiyligi birinchi o‘rinda turadi. Reklama xabarlarining mazmuni foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga emas, balki faqat ular ko‘radigan kanallar mavzulariga bog‘liq bo‘ladi.
Uchinchi sabab, rasmiy reklama xabarlar Telegram’da tiqishtirilmasligini aytib o‘tdi. Ularda tashqi havolalar yoki ortiqcha rasmlarsiz faqat qisqa matnlarga ruxsat beriladi. Bunday xabarlar faqatgina kanaldagi barcha yangi xabarlarni ko‘rgandan keyin paydo bo‘lishi mumkin.
“Hozirgi kundagi reklamalar Telegram kanallarining egalari tomonidan chop etilmoqda. Joriy qilinayotgan rasmiy reklama xabarlari foydalanuvchilar uchun ortiqcha og‘irlik tug‘dirmaydi, bunday reklamalardan tushgan mablag‘lar Telegram foydalanuvchilari uchun tekin va chegaralanmagan xizmatlarni rivojlantirish uchun xizmat qiladi”, deya yakunladi Pavel Durov.