Alimentdan qarzdorlarga transport boshqarish cheklanadi

Aliment to‘lovini uzrsiz sabablarga ko‘ra vaqtida to‘lamagan jismoniy shaxslarga transport boshqarish va litsenziyalangan faoliyat bilan shug‘ullanish cheklanishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Yaqin kelajakda aliment va boshqa to‘lovlardan qarzdorlarga transport vositalarini boshqarish cheklanishi mumkin. Bu haqida normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish portalida e’lon qilingan yangi qonun loyihasida aytib o‘tilgan.
Xususan, aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdor jismoniy shaxsning transport vositalarini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash rejalashtirilmoqda.
"Bunda jismoniy shaxs tomonidan qarz majburiyati belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etilmaganda, davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning transport vositalarini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli", - deyilgan taklif qilinayotgan qonun loyihasida.
Quyidagi holatlarda aliment to‘lovi bo‘yicha qarzdorning transport vositalarini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash qo‘llanilmaydi:
sud qarorini ijro etish uchun yetarli mol-mulk olib qo‘yilgan taqdirda;
agar shunday cheklash belgilanishi qarzdor tirikchiligining asosiy va qonuniy manbaidan mahrum qilsa;
agar qarzdor birinchi va ikkinchi guruh nogironi bo‘lsa yoki qarzdor qaramog‘ida O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi yoki nogiron bola deb tan olingan shaxsga bog‘liq bo‘lsa;
agar qarzdorga ijro hujjati talablarini bajarish uchun kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan bo‘lsa;
agar voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa.
Shuningdek, ushbu qonun normasi buzilgan holda quyidagi jazo chorasi nazarda tutilgan. Transport vositalarini boshqarish huquqi vaqtincha cheklangan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi cheklangan shaxslarga transport vositalarini boshqarishni topshirilishi — "bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”.