TOShKENT, 26 okt - Sputnik. Rossiya Davlat Dumasi MDH davlatlari bilan shaxsiy ma’lumot almashish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qildi.
Ushbu shartnomaga qo‘shilgan davlatlar, o‘zaro quyidagi ma’lumotlar bilan almashish huquqiga ega bo‘ladi:
Fuqarolik bor/yo‘g‘ligi haqida;
Doimiy/vaqtincha yashashga ruxsat beruvchi hujjat bor-yo‘g‘ligi haqida;
Doimiy/vaqtincha migratsion ro‘yxatdan o‘tganlik haqida;
Uchinchi davlatga kirish vizasi berilganlik haqida;
Subyekt nomida bo‘lgan ko‘chmas mulk haqida;
Subyektning mol-mulkka doir majburiyati haqida;
Subyektni ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida;
Subyekt shaxsini aniqlovchi hujjatlar to‘g‘risida.
Ma’lumot almashish uchun bir davlatning vakolatli organi ikkinchi tomonga yozma ravishda so‘rovnoma yuboradi. Ikkinchi davlat ushbu so‘rovnomaga ikki oy ichida javob qaytarishi kerak.
So‘rovnoma olgan davlat, ushbu ma’lumot uning suverenitetiga, xavfsizligiga zarar yetkazadi yoki shaxsni diniy, milliy belgisiga ko‘ra ta’qib qiladi deb hisoblagan taqdirda – so‘rovnomaga javob bermaslik huquqiga ega. Har holda, bunday so‘rovni olgan tomon uning maxfiyligini ta’minlash uchun javobgar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, MDH davlatlari orasida o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish va shaxsiy axborot almashish to‘g‘risidagi shartnoma 2020-yilning 18-dekabrida imzolangan edi. Shartnoma 3ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng kuchga kiradi va cheklanmagan muddatga amal qiladi.