TOShKENT, 26 okt – Sputnik. O‘zbekiston va Tatariston inson huquqlari va gender tengligi sohalarida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.
Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova O‘zbekistonga kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Tatariston Inson huquqlari bo‘yicha vakili Saburskaya Sariya Xarisovna bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Sariya Saburskaya Feruza Eshmatovaga u tomonidan yuborilayotgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqib, hal etilayotgani bo‘yicha o‘z minnatdorligini bildirdi va kelgusida ham inson huquqlarini ta’minlash borasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ombudsmanlar inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, gender tengligini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish va fuqarolar bilan ishlashda Vakil tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan yangi mexanizmlar borasida o‘zaro fikr almashishdi.
Tatariston ombudsmeni, shuningdek, O‘zbekistonda saylovni kuzatish davomida olgan taasurotlari bilan ham bo‘lishdi. Saburskaya, xususan, saylov davomida hech qanday qonunbuzarlik aniqlanmaganini, uchastkalarda puxta sanitar-gigiyenik choralar ko‘rilganini aytib o‘tdi. Ombudsmen shuningdek saylovda yoshlarning keng ishtiroki uni mamnun qilganini ham alohida qayd etdi.