TOShKENT, 26 okt – Sputnik. O‘zbekistonda go‘sht, baliq, kartoshka mahsulotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilinadi. Tegishli qonun prezident tomonidan 25-oktabr kuni imzolandi.
Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, 2021-yil 10-oktabrdan 31-dekabrgacha bo‘lgan davrda go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni O‘zbekistonga olib kirish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 19-oktabr kuni qabul qilingan edi. Senat uni 21-oktabr kuni ma’qullagan. Bu aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash, narxlarning barqarorligini saqlashga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.