TOShKENT, 25 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti saylovi qonun buzilishisiz va milliy qonunchilikka binoan bo‘lib o‘tdi, qonuniy va demokratik edi. Bu haqda ShHT kuzatuvchilar missiyasi rahbari, ShHT bosh kotibining o‘rinbosari Yerik Ashimov ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
“ShHT kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekiston prezidenti saylovi milliy qonunchilik talablariga va xalqaro majburiyatlarga mos kelganini qayd etadi. Saylov erkin, qonuniy va demokratik bo‘ldi. Ushbu saylovda ovoz berish natijalarini shubha ostiga qo‘yadigan qonun buzilishlari aniqlanmadi”, - dedi Ashimov brifing davomida.
Missiya rahbari O‘zbekistonda saylov jarayoni zamonaviy kommunikatsiya va axborot texnologiyalari joriy etilishi tufayli takomillashib borayotganini ta’kidlashdi.
Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslarning uchastkalarda ovoz berishi tashkillashtirilgan, koronavirus pandemiyasi sabab tegishli choralar ko‘rilgan.
“Har yerda uchastka komissiyalari xodimlari mahorati va aholining faolligini qayd etamiz”, - deb qo‘shimcha qild Ashimov.
Avvalroq O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan saylovga MDH missiyasi baho bergan edi. MDH kuzatuvchilar missiyasi rahbari Sergey Lebedev saylov qonunchilikka to‘la muvofiq ravishda bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda prezident saylovi 24-oktabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tdi. MSK ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda 16 million 36 ming 914 nafar (80,8 foiz) saylovchi qatnashgan.