TOShKENT, 23 okt - Sputnik. O‘zbekistonda 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida qanday xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda?
Ushbu savolga IIV matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov javob berdi. Sputnik muxbiri xabariga asosan.
Saylovning asosiy ovoz berish kuni - 24-oktabr kuni barcha saylov uchastkalarida, O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, quyidagi xavfsizlik choralari ko‘riladi:
barcha saylov uchastka binolari ovoz berish kunidan oldin (1 kun va 4 soat avval) saporlar tomonidan to‘liq tekshiriladi va 23-oktabr soat 18:00ga qadar qo‘riqlovga olinadi;
ovoz berish kuni saylov uchastkalari hamda uning atrofida jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun 53 670 nafar huquq-tartibot va jamoatchilik vakillari xizmatga jalb etiladi;
joylarda yong‘in o‘chirish bo‘linmalarining jangovar hisoblari va tez tibbiy yordam xizmatlarining uzluksiz navbatchiligi tashkil etildi;
har bir saylov uchastkasi binosi atrofida hududiy profilaktika inspektorlari,Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmati yo‘lga qo‘yildi;
Turli noxush holatlar va ularning ijtimoiy xavfli oqibatlarini bartaraf etish uchun har bir hududda alohida zaxira kuchlarito‘liq shay holatga keltirildi. Ushbu maqsadda jami 3 886 nafar shaxsiy tarkibdan iborat zaxira kuchlari tuzildi.
Albatta, ovoz berish jarayoni davomida bironta xodim tomonidan fuqarolarning ovoz berish jarayoniga aralashish, kimga ovoz berganligini so‘rash hamda biror tashviqot materialini tarqatishga, shuningdek, saylov komissiyasining faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saylov uchastkasida biror qoidabuzrlik yuz bergan taqdirda IIV vakillari tomonidan ushbu holat "Shakl-2" bo‘yicha rasmiylashtirilib, hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi yetib boradi. Tergov-tezkor guruhi a’zolari – tergovchi, tezkor vakil, ekspert-kriminalist, profilaktika inspektori va kinolog tarkibidan iborat.
Tibbiy xavfsizlik choralari:
Pandemiya sharoitida kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida saylov uchastkalarida qo‘yidagi choralar ko‘rilgan:
har bir saylov uchastka binosida tibbiyot xodimlari navbatchiligi tashkil etildi;
har bir ovoz berish xonalari tadbirdan avval to‘liq dezinfeksiya qilinadi;
saylov uchastka komissiyasi va fuqarolar tomonidan tibbiy niqoblar va sanitayzer vositalaridan foydalaniladi;
ijtimoiy masofani saqlash, shaxsga oid hujjatlarni xavfsizlik qoidalariga amal qilgan holda tekshirilishi ta’minlanadi;
savlovchining tana harorati 37 gradusdan yuqoriligi aniqlansa, fuqaro alohida xonada ko‘chma saylov qutisi orqali ovoz beradi;
Shu bilan birga IIV karantin yaoralariga amal qilmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan.
Amaldagi “Saylov kodeksi”ga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 10 760 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan, bo‘lib ularning aksariyati (80%) maktab va kollejlarda joylashtirilgan. Ayni damla barcha saylov bulletenlari (18 546 080 dona) saylov okrugi va saylov uchastkalariga o‘z muddatida yetkazib berilgan va ishonchli qo‘riq ostida saqlanmoqda.