TOShKENT, 21 okt - Sputnik. Toshkent-Qo‘ng‘irot yo‘nalishida qo‘shimcha poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
"Yo‘lovchilarning talablarini inobatga olib, 2021-yil 22,26, 29-oktabr kunlari “Toshkent-Qo‘ng‘irot” yo‘nalishida 484 -sonli qo‘shimcha yo‘lovchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi", - deyiladi "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" matbuot-xizmati xabarida.
Toshkent markaziy (Janubiy) temir yo‘l vokzalidan harakatlanadigan mazkur yo‘lovchi poyezdi faqat Samarqand, Buxoro shaharlarida to‘xtab o‘tadi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni Toshkent shahrida 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar burosidan bilib olish mumkin.
Ilgariroq Samarqand xalqaro aeroportining vaqtinchalik yopilishi munosabati bilan 20-oktabrdan 20-noyabrga qadar “Qarshi-Samarqand-Qarshi” yo‘nalishida “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.