O‘zbekiston Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining a’zosiga aylandi

O‘zbekiston Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining 92-chi va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa birinchi a’zosi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. O‘zbekiston rasman Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (XTMI)ning 92 a’zosiga aylandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi delegatsiya Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Gland (Shveysariya) shahrida joylashgan Bosh qarorgohiga tashrif buyurgan. Ularni Ittifoqning rivojlanish guruhi global direktori Enrike Lamann kutib olgan.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekistonning qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar va biologik xilma-xillikni saqlash sohasiga qaratilgan sa’y-harakatlari, ilmiy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Ittifoq a’zoligiga kirishiga bo‘lgan intilishlari alohida e’tirof etilgan.
Navoiyda minglab baliqlar nobud bo‘ldi - aybdorlar aniqlanmadi
Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida olib borilayotgan izchil ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib o‘tgan.
Tashrif davomida O‘zbekistonning XTMIga a’zolik maqomini tan olish marosimi o‘tkazildi. Shunday qilib, O‘zbekiston Ittifoq safiga qo‘shilgan 92-chi va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi davlat bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Ittifoq 1948-yilda YuNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, unga 120 ta davlat tashkilotlari va shu kunga qadar 91 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ittifoq o‘z faoliyatida tabiat himoyasi sohasida strategiya va tamoyillarini ishlab chiquvchi yetakchi tashkilot hisoblanadi. Bundan tashari, Qizil kitobni nashr etish va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha aniq dastrurlarni tayyorlaydi.