Mirziyoyev o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga chaqirdi

Prezident so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda 5 jilddan iborat "O‘zbek tilining izohli lug‘ati" fundamental tadqiqot olib borilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi.
O‘z tabrik so‘zida prezident butun O‘zbekiston xalqini ulug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbdan samimiy muborakbod etdi.
Mirziyoyev so‘nggi yillarda olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida o‘zbek tili nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon miqyosida ham o‘zining munosib o‘rni va mavqeyiga ega bo‘lib borayotganligini ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, o‘zbek tili BMTning yuksak minbarida, ulkan siyosiy sammit va uchrashuvlarda baralla yangrab, tinchlik, do‘stlik va hamkorlik vositasiga aylanib bormoqda.
Undan tashqari, o‘tgan davrda o‘zbek tilini chuqur o‘rganish va o‘rgatishga xizmat qiladigan 16 ta kitob, jumladan, 9 ta lug‘at nashr qilinganini alohida qayd etildi.
Ayni vaqtda 5 jilddan iborat "O‘zbek tilining izohli lug‘ati" fundamental tadqiqot olib borilmoqda.
Zorin: Moskva metrosiga o‘zbek tilini biladigan ishchilar asqotadi
Bundan tashqari, chet el fuqarolari va xorijdagi yurtdoshlarga o‘zbek tilini o‘rgatadigan onlayn platforma, o‘zbek tili izohli lug‘atining mobil ilovasi, xorijdagi vatandoshlar uchun maxsus veb-sayt yaratildi.
O‘zbek tili bayrami munosabati bilan, prezident barchaga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlarga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tiladi.
Prezident tabrik so‘zi bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.