TOShKENT, 21 okt – Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva tegishli qonunlarga madaniy meroslarni saqlashga oid o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqish zarurligini ma’lum qildi.
Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, madaniy meros obyektlarining kadastr hujjatlarini shakllantirish va ularning milliy ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish zarur. Ayrim yo‘q bo‘lib ketgan madaniy meros obyektlari hamon muhofazaga olingan obyektlar milliy ro‘yxatida saqlanib turibdi. Nomi boru, o‘zi yo‘q.
Senat raisi madaniy merosning targ‘ib qilinishi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj deb hisoblaydi.
“Aks holda uzoq yillar davomida tarixdan shakllangan milliy madaniyatimiz, o‘zligimiz yoddan chiqishi, unutilishi ham mumkin. Kerak bo‘lsa, tegishli qonunlarga madaniy meroslarni saqlashga oid o‘zgartirishlar kiritish masalasini ham ko‘rib chiqish zarur. Madaniy meros obyektlarini saqlashning shaffof huquqiy mexanizmlarini yaratish davlatning vazifasidir”, - dedi Norboyeva.