TOShKENT, 20 okt – Sputnik. Prezident sayloviga sanoqli kunlar qolayotgan bir vaqtda 20-oktabr kuni Toshkent shahri miqyosida saylovlarga munosib tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda saylovchilarni avtomatlashtirilgan ruyxatida, jami Toshkent shahri bo‘yicha 1 million 645 ming 607 nafar fuqaro kiritilgan. Saylov uchastkalarining soni esa 822 tani tashkil etmoqda. Ulardan 79 tasi kasalxonalar va harbiy qismlariga to‘g‘ri keladi.
Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalar ishtiroki ham inobatga olingan, talabalar turar joylarida, qolaversa, ijarada turuvchi 85 ming nafar talaba o‘zlarining yashash joyidan uzoqda bo‘lmagan saylov uchastkalarida ovoz berishlari mumkin.
Shuningdek, 5 mingdan ortiq imkoniyati cheklangan insonlar o‘z uylarida ovoz berishlari ta’minlanadi.
Ta’kidlanishicha, saylov uchastkasi va kuni haqida fuqarolarni xabardor qilish uchun har bir saylovchiga alohida taklifnomalar yuborilgan.
O‘tgan vaqt davomida, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lishiga imkoniyati bo‘lmagan 23 mingdan ziyodroq saylovchilar muddatidan oldin ovoz bergan.