TOShKENT, 20 okt —Sputnik. Rossiya toliblarni inklyuziv hukumat tashkil qilishga chaqirdi, deb bayonot berdi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
"Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatish vazifasi hali ham dolzarb", - dedi Moskvada "Tolibon"* vakillari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda Rossiya tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, bugun Moskvada 10ta davlat vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvda Abdul Salam Xanafiy boshchiligida "Tolibon"* harakatining nufuzli delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
"Uchrashuvimizda amerikalik hamkasblarimiz ishtirok etmayotganidan afsusdamiz. AQSh ikkinchi marotaba "Rossiya, Xitoy, AQSh va Pokiston" kengaytirilgan uchlik uchrashuvida qatnashishdan voz kechmoqda", - dedi Lavrov.
Rossiya tashqi ishlar vaziri AQSh ushbu formatda hamkorlikni davom ettirishiga hamda Qo‘shma shtatlarning Afg‘oniston bo‘yicha yangi maxsus vakili Tomas Uest Moskva uchrashuvi yakunlarini qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.
Lavrov aytishiga ko‘ra, sobiq prezident Ashraf G‘ani boshchiligidagi hukumat Afg‘oniston ichida milliy yarashuvga erishishi va tinchlik o‘rnatish haqidagi umidlarni oqlamagan. Hozir esa, Afg‘onistonda hukumat almashgani inkor etib bo‘lmaydigan faktga aylangan va bundan buyon ushbu vazifa "Tolibon"* zimmasiga o‘tadi, deb ma’lum qildi diplomat.
"Yangi hukumat tomonidan mamlakatda harbiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga hamda davlat apparatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan harakatlarni qayd etayapmiz", - deb qo‘shimcha qildi RF TIV yetakchisi.
Shuningdek, Lavrov, uchrashuv oldidan "Tolibon"* vakillari bilan Afg‘onistonda inson huquqlariga amal qilgan holda puxta o‘ylangan ijtimoiy siyosat olib borish masalalari muhokama qilinganini aytib o‘tdi.
Undan tashqari, Rossiya tashqi ishlar vaziri jahon hamjamiyati Afg‘onistonga yordam yuborish kerakligi, u yerda yangi inqiroz sodir bo‘lishining oldini olish zarurligi hamda noqonuniy migratsiya oqimlarini to‘xtatish lozimligini ta’kidladi. Moskva ham yaqin vaqt ichida ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini jo‘natadi, deb qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishi bilan mamlakatda nazorat "Tolibon"* harakati qo‘liga o‘tdi. Shundan so‘ng yangi hukumatga to‘liq ishonmagan minglab fuqarolar boshqa davlatlarga ko‘chib ketish harakatiga tushdilar. Ba’zi mutaxassislar qish mavsumida Afg‘onistonda gumanitar vaziyat keskinlashishi yuz berishi, oziq-ovqat, elektr energiyasi yetishmovchiligi sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirishmoqda.
*Rossiyada taqiqlangan tashkilot.