TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Nyu-Yorkda jarrohlar gen-modifikatsiyalangan cho‘chqa buyragini insonga ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdilar, a’zo normal ishlamoqda, deb yozadi New York Times.
Operatsiyani bajargan Nyu-York transplantologiya instituti direktori Robert Montgomerining so‘zlariga ko‘ra, buyrak - miyasi o‘lgan va sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holatda bo‘lgan insonga ko‘chirilgan. Buyrak ko‘chirib o‘tkazilishi bilanoq ishlay boshladi, deb xabar qilmoqda shifokor.
"Bu juda katta yutuq. Katta muvaffaqiyat. Lekin biz organ ish faoliyati davomiyligi haqida hali ko‘proq bilib olishimiz kerak bo‘ladi", -deydi tadqiqotda ishtirok etgan transplantatsiya jarrohligi bo‘yicha olim.
Nashrning yozishicha, agar olimlar cho‘chqalarning insonga ko‘chirib o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan organlarini o‘stirish imkonini topsalar, bu transplantatsiyaga navbatda turgan 100 ming nafar amerikaliklar uchun yechim bo‘lib xizmat qiladi. Navbat kutayotganlarning 90 minggi aynan buyrakka muhtoj.
Nashrning qayd etishicha, tadqiqot natijalari hali ekspertlar tomonidan baholanmagan va chop etilmagan.