TOShKENT, 19 okt – Sputnik. Rahmatulloh Sayfuddinov Toshkent shahrining yangi bosh imom-xatibi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Rahmatulloh Sayfuddinov faoliyati davomida Toshkent shahridagi "Xo‘ja Alambardor", "Minor" jome masjidi (2014-2015 yillar) imom-xatibi lavozimlarida ishlagan.
U 2016-yildan shu vaqtga qadar Toshkent shahri Yunusobod tumani bosh imom-xatibi va "Mirza Yusuf" jome masjidi imom-xatibi vazifasini bajarayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri bosh imom-xatibi bo‘lgan Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga saylangani xabar qilingan edi.