IHTT Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun barqaror o‘sish loyihasini ishga tushiradi

Energiya, suv va yer resurslari samaradorligini oshirish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishda xususiy investitsiyalarni jalb qilishning samarali vositalari ishlab chiqiladi
Sputnik
TOShKENT, 19 okt – Sputnik. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) "Markaziy Osiyoda “energiya – suv resurslari – yer resurslari” o‘zaro bog‘likligini transformatsiya qilish" to‘rt yillik loyihasini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan loyihaning maqsadi – energiya, suv va yer resurslari samaradorligini oshirish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishda xususiy investitsiyalarni jalb qilishning samarali vositalarini ishlab chiqish.
Shuningdek, loyiha doirasida mintaqa mamlakatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning asosiy omillarini o‘rganish va aniq yechimlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, bu Markaziy Osiyo mamlakatlariga energiya, suv va yer resurslaridan foydalanishda kompleks va oqilona yondashuv orqali iqtisodiy faollikni tiklanishiga yordam beradi.