Kelgusi yilda ta’lim va tibbiyot sohalariga qancha mablag‘ ajratilishi ma’lum bo‘ldi

Kelgusi yil Davlat budjetida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlarini o‘rtacha 20%ga oshirish rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT 19 okt - Sputnik. Vazirlar Mahkamasida 2022-yil uchun Davlat budjetining loyihasi muhokama qilindi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri UzAga asosan.
Muhokamada aytilishiga ko‘ra 2022-yil davlat budjetda ijtimoiy soha uchun ajratilgan mablag‘ning salkam 45 % - ta’lim sohasiga yo‘naltirilmoqda. Xususan:
maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 8,7 trln. so‘m (+2,2 trln.)
xalq ta’limiga 30,3 trln. so‘m (+6,5 trln.)
o‘rta maxsus va oliy ta’limga 7,5 trln.so‘m (+3,1 trln. so‘m)
Shuningdek, kelgusi yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 22,6 trln. so‘m (+3,3 trln.) ajratish rejalashtirilgan.
2022 yilda ijtimoiy nafaqa oluvchi ehtiyojmand oilalar soni 2021-yildagi o‘rtacha 1 million 200 mingdan 1 million 440 minggacha oshib, jami oilalarning 16,5 foizi qamrab olinadi. Tuman va shaharlar budjetlarining 5 foizi, ya’ni 1,4 trillion so‘m mablag‘ “Ochiq budjet portali” orqali bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
2022 yilda ish haqi, ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar va pensiyalar miqdorini inflyatsiya miqdoridan yuqori sur’atlarda oshirish uchun budjet loyihasida yetarli mablag‘lar ko‘zda tutilgan. Undan tashqari budjet taqchilligini YaIMga nisbatan 5,5%dan 3,0 %gacha kamaytirish vazifasi qo‘yilgan.
Majlisda qayd etilishiga ko‘ra, 2021-yilning 9 oyida O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 6,9 %ni tashkil qilgan. 2022-yilda esa ushbu ko‘rsatgich 5,9 % bo‘lishi kutilmoqda.