Andijonda shifokorni do‘pposlagan erkak hibsga olindi

Mast fuqaro hamkasbini ajratish uchun borgan shifokor Sh.Z.ning yuziga musht tushirgan.
Sputnik
TOShKENT, 19 okt – Sputnik. Andijon viloyati Paxtaobod tumanida tez yordam shifokorini do‘pposlagan fuqaroga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Cog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 17-oktabr kuni soat 00:30 lar chamasi Paxtaobod tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasi dispetcher xizmatiga shu tumanning "Ma’rifat" mahallasidan murojaat kelib tushgan.
Chaqiruv manziliga darhol navbatchi shifokor N.A. boshchiligidagi tez yordam brigadasi yuborilgan. Biroq xonadon egasi 30 yoshli fuqaro B.T. shifokorlarning yetib borishini kutmay, bemor onasi G.U.ni o‘z shaxsiy avtomashinasida tez yordam shoxobchasiga olib kelgan.
Namanganda shifokor do‘pposlanishi yuzasidan jinoiy ish ochildi
O‘sha kuni tuman tez tibbiy yordam bo‘limi Madaniyat shoxobchasida navbatchilik qilayotgan boshqa bir shifokor 27 yoshli Sh.Z. darhol bemorning qon bosimi, yurak urishini o‘lchab, unga kerakli tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Qayd etilishicha, o‘z vaqtidagi muolajalar sababli bemor G.U.ning qon bosimi meyorlashib, umumiy holati yaxshilangan. Ammo fuqaro B.T. onasiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmasdan shifokorlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgan va yana bir shifokor – M.D.ning yoqasidan olib, uni bo‘g‘a boshlagan.
Fuqaro hamkasbini ajratish uchun borgan Sh.Z.ning yuziga musht tushirgan. Bunga qanoat qilmagan B.T. musht zarbidan yerga yiqilgan Sh.Z.ning yuzi va tanasining turli joylariga urib, unga jiddiy jarohat yetkazgan. Shifokor Sh.Z. Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqizilgan.
O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala ko‘z qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qo‘yilgan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumondor shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.