TOShKENT, 17 okt — Sputnik. 16 oktabr kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov, Afg‘oniston tomoniga esa Muvaqqat hukumat rahbarining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Salom Hanafiy boshchilik qildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida turli vazirlik va idoralar vakillari chegara xavfsizligi, investitsiyalar, o‘zaro savdo, energetika, xalqaro yuk tashish hamda tranzit sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ta’lim va gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish borasida ham fikr almashildi.
“Infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish, xususan, Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini o‘tkazish hamda Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yo‘lini qurishga alohida e’tibor qaratildi”, - deyilgan xabarda.
Tomonlar munosabatlarning ko‘rib chiqilgan har bir yo‘nalishida o‘zaro hamkorlik qilish yo‘llarini muhokama qildilar hamda ustuvor sohalarda mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha birinchi darajali vazifalarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan bir qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.