Milliy estrada san’ati instituti tashkil etiladi

Milliy estrada yo‘nalishida zamonaviy ijro namunalarining “Oltin fondi”ni yaratish Institutning asosiy vazifalaridan biri.
Sputnik
TOShKENT, 17 okt — Sputnik. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etiladi. Shavkat Mirziyoyev tegishli qarorni imzoladi.
Institutning asosiy vazifalari:
milliy estrada yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;
milliy estrada yo‘nalishida o‘quv-metodik adabiyotlar yaratish;
atoqli kompozitor va bastakorlar, xonanda va sozandalar ijodini chuqur o‘rganish;
milliy estradani yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish;
milliy estrada yo‘nalishida zamonaviy ijro namunalarining “Oltin fondi”ni yaratish shular jumlasidan.
Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanib, ta’lim davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, bakalavriatda 2 ta yangi ta’lim yo‘nalishi (bastakorlik san’ati, san’atshunoslik: musiqashunoslik) va magistraturada 2 ta yangi mutaxassislik (ovoz rejissorligi: musiqiy ovoz rejissorligi, musiqa san’ati) ochiladi.
Institut bitiruvchilariga oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.