Tadbirkorlarga ayrim soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi

Ayrim talablarga javob beradigan tadbirkorlarga aylanmadan olinadigan soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berildi.
Sputnik
TOShKENT 15 okt – Sputnik. O‘zbekistonda tadbirkorlarga aylanmadan olinadigan soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoni berildi, deb xabar qilmoqda "Huquqiy axborot" telegram-kanali.
Xususan, Soliq kodeksining 99-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, aylanmadan olinadigan soliqni belgilangan tartibda mol-mulkni garovga bermagan holda, kafilliksiz yoki bank kafolatisiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etildi. (daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, to‘lov manbasida olinadigan foyda solig‘i bundan mustasno).
Shuningdek, Kodeksning 100-moddaga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, faoliyatni 3-yildan ortiq vaqtdan buyon amalga oshirayotgan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan, ammo moliyaviy ahvoli soliq qarzini muddatida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi mumkin.
Kodeksning 378-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan, soliq to‘lovchining O‘zbekistonning professional (kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar) va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek, 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun yo‘naltiriladigan daromadlari soliqqa tortilmaydi
Qayd etib o‘tish mumkinki, ilgari ushbu imtiyoz faqat oliy ta’lim bo‘yicha tatbiq etilgan edi.