TOShKENT, 15 okt - Sputnik. O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 6,6 milliard so‘mlik ish haqi va tovarlar noqonuniy o‘zlashtirilgan, deb bayonot berdi Maktabgacha ta’lim vazirligi.
Bayonotga ko‘ra, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda tovar moddiy boyliklaridan 6,6 milliard so‘m kamomad va noqonuniy o‘zlashtirish holatlari aniqlangan. Shundan ishlamaydigan xodimlar nomiga yozilgan ish haqlari 2,4 milliard so‘mni tashkil etgan.
Misol uchun, Andijon viloyati 9 ta tuman va shaharlarida 2,8 milliard so‘mlik mebel jihozlari buxgalteriya balansiga kirim qilinmagan.
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida 2021-yilning yanvar oyida xarid qilingan mebel jihozlari 5 oydan buyon kirim qilinmasdan kelayotganligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda tashkilot hisobiga kirim qilingan.
Tashkilotlar mulkini qayta xatlar inventarizatsiya qilish natijasida 962 million so‘mlik tovar moddiy boyliklar ortiqchaligi aniqlanib, tashkilot hisobiga qayta kirim qilingan.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari to‘liq olinmagan bo‘lsa-da, Navoiy viloyati Xatirchi tumani MTB tomonidan 100 foiz pullarni ta’minotchiga o‘tkazib berish oqibatida 152 million so‘m muddati o‘tgan debitor qarzdorlik yuzaga kelgan. Shundan 66 million so‘m 2018—2019 yildan buyon undirilmagan va undirish choralari ko‘rilmagan.
Mulkni sotishdan tushgan mablag‘lardan 242 million so‘mi tegishli mahalliy budjetlarning daromadiga o‘tkazib berilmagan.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida 57 million, Surxondaryo viloyati Termiz shahrida 72 million so‘m mulkni sotishdan tushgan mablag‘lar budjetga o‘tkazib berilmagan.
Davlat xarid qonunchiligi talablariga amal qilmasdan amalga oshirilgan xaridlar 10,5 milliard so‘mni tashkil etgan.