TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Toshkent aeroportida 8 dona “Nikolay” tangasini olib ketishga uringan fuqaro to‘xtatib qolindi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijga yo‘l olgan fuqaro B.A.ning yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Ko‘rik natijada yuklar orasida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan va bojxonachining og‘zaki so‘rovida aytilmagan 8 dona Rossiya imperiyasida zarb etilgan qadimiy tangalar borligi aniqlandi.
Tangalarni olib chiqish uchun fuqaroda tegishli idoralar tomonidan beriladigan ruxsatnomalar bo‘lmagan.
“O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish mumkin emas”, - deyilgan DBQ xabarida.