TOShKENT, 14 okt – Sputnik. Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Moskva shahridagi Rossiya fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi kengashi raisi, "Kurchatov instituti" Milliy tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti, akademik Vladislav Panchenko va jamg‘arma rahbariyati bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Sputnik nashriga ma’lum qildi.
Uchrashuvda "O‘zbekiston-Rossiya" xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi doirasida fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan joriy etilgan yangi mexanizm – Scopus xalqaro ma’lumotlar bazasidagi Xirsh indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan rossiyalik olimlarning hamrahbarligida qo‘shma fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish lozimligi qayd etildi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda nufuzli yangi ilmiy maktablar va yangi ilmiy yo‘nalishlarning rivojlanishiga xizmat qiladi.
Muloqot davomida genetika, genomika, mikrobiologiya hamda yadro tibbiyoti sohasida ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda amalga oshirish, ushbu sohalarga oid ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalarni O‘zbekistonda lazer texnologiyalari, yadroviy tibbiyot va vinochilikni rivojlantirishga joriy etish mexanizmlari muhokama etildi.
Shuningdek, Rossiya fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi bazasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Ilmiy texnika axboroti markazi mas’ul xodimlarining ilmiy loyihalar ekspertizasini tashkil etish yuzasidan ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish bo‘yicha stajirovkasini yo‘lga qo‘yish belgilandi.