TOShKENT, 14 okt – Sputnik. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan xalqaro Paxta kuni arafasida mazkur institutga press-tur tashkil etilgan edi. Aslida, jurnalistlarni qoyil qoldirish oson emas, lekin institut tajriba maydonlarida qiyg‘os ochilib turgan turfa rangli lo‘ppi paxtalarni ko‘rgan muxbirlaru tasvirchilar chuqur taajjubga tushishdi. Shunaqasiyam bo‘lar ekan-da!
Bunday ajabtovur navlarning kishini hayron qoldiradigan boshqa jihatlari ham bor. Bu haqda institut laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Abrorjon Qurbonov shunday ma’lumot berdi: “Butun dunyoda asosan oq rangli paxta (Gossypium hirsutum) tolasi yetishtiriladi. Biroq tetraploid paxta tolasi nafaqat oq, balki yashil, qo‘ng‘ir va boshqa turli xil ranglarga ega. Rangli paxtaning paydo bo‘lishi uzoq tarixga ega. Ular Amerikaning And tog‘larida bundan 5000-yil oldin, tabiiy iqlim sharoitlarining uzluksiz o‘zgarishlari tufayli pigmentatsiya jarayonining buzilishlari oqibatida paydo bo‘lgan degan taxminlar mavjud”.
Paxtaning tabiiy rangi uning tarkibidagi pigmentlardan kelib chiqadi. Bu pigmentlar tolani sariq, yashil va jigar ranglarda jilolantiradi.
Misol uchun, yashil paxta o‘z rangini qahva kislotasidan oladi. Tabiiy rangli paxtalar, ayniqsa, yashil paxtalar, oq paxtalarga nisbatan quyoshdan himoya xususiyati yuqori ekanligi haqida tajriba dalillari mavjud.
Shunday paxtamiz bor ekanu
“Rangli paxta tolalaridan tikilgan liboslar quyoshning zararli nurlaridan himoya qiladi. Bunday kiyimlar takror-takror yuvilganda ham o‘zining himoyaviy xususiyatini yo‘qotmaydi. Vaholanki, oq rangli tolani sayqallash va turli ranglarga bo‘yash jarayonida toksik kimoviy moddalardan foydalaniladi. Mazkur kimoviy moddalar zaharli ekanidan tashqari, ularning tarkibida og‘ir metallar ham mavjud” deydi olim.
Qolaversa, matolarni bo‘yashda ishlatilgan suv atrof-muhit, tuproq va ichimlik suvini ifloslantiruvchi asosiy manba hisoblanadi. Ushbu kimoviy moddalarning aksariyati kanserogen bo‘lib, allergiya, teri toshmalari va shu kabi sog‘liq uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Tanganing ikkinchi tomoni
Albatta, bu nomukammal dunyoda mukammal narsaning o‘zi yo‘q. Jumladan, o‘zbek olimlari e’tibor markazida turgan rangli paxta ham bir qancha kamchiliklardan xoli emas.
“Rangli paxta uchun talab kun sayin ortib borayotgan bo‘lsada, uni yetishtirish tola sifati past ekanligi bois rivojlanmay qolmoqda. Rangli tola kaltaligi, tolasi chiqimining pastligi (terib olingan paxta tarkibidan chigit olib tashlangandan keyin qoladigan tola), pishiqlik darajasining yuqori emasligi, dag‘alligi kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha oq tolaga nisbatan birmuncha past hisoblanadi. Shuning uchun ham bugungi kunga kelib seleksioner olimlar yuqori sifatli, rangli tolali g‘o‘za navlarini yaratishga urinishmoqda”, deydi Abrorjon Qurbonov.
Mazkur urinishlar aslida nimadan iborat ekanligiga oydinlik kiritib o‘tish lozim. Bordi-yu ular samara beradigan bo‘lsa, katta iqtisodiy samaradorlikka erishish mumkin. Chunki rangli tolaning jahon bozoridagi narxi oddiy toladan 5-6 baravar qimmat. Sabab – yuqorida aytilganidek, undan tikiladigan liboslarning ekologik toza ekanligi.
Maxfiy paxtachilik
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti bilan bir nechta klasterlar o‘rtasida shartnomalar imzolangan. Qurbonov va uning hamkasblari ana shu klasterlar vakillariga o‘z mahsulotlarini namoyish etishganda, ular “rangli paxta ham bo‘ladimi” deb hayron qolishgan ekan.
Olimlar bunday kamalakrang tolalarning afzalligini harchand isbotlashga urinmasin, bironta klaster ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni moliyalashtirishga rozi bo‘lmagan. Vaholanki, bu daromadli loyiha, faqat vaqt talab etiladi. Misol uchun, bitta nav yaratishga 10-15 yil kerak. Lekin klasterlar buncha uzoq kutishga tayyor emas ko‘rinadi.
“Aslini olganda, rangli paxta yetishtirish bo‘yicha O‘zbekistonda o‘tgan asrning 40-50 yillarida izlanishlar olib borilgan edi, - deydi Abrorjon Qurbonov. - Tadqiqotlar maxfiy ravishda o‘tkazilgan, ilmiy ishlar yopiq tarzda himoya qilingan. Birmuncha natijalarga ham erishilgan. Lekin kimyo sanoatining taraqqiyoti va rang-barang bo‘yoqlarning paydo bo‘lishi tufayli ularga ehtiyoj kamaygan. Mana bugun, yashil iqtisodiyotning rivojlanishi va ayniqsa, Yevropa mamlakatlarida tabiiy mahsulotlarga qiziqishning ortishi natijasida turfa rang tolalarimizga yana talab paydo bo‘ldi. Ular allergiya qo‘zg‘atmaydi, ultrafiolet nurlarini o‘tkazmaydi. Ayniqsa, chaqaloqlar uchun kiyim tikishda juda qo‘l keladi”.
Mana senga yangi bozor, bozor bo‘lgandam Yevropa bozori. Darrov egallab, million-million pul qilish imkoniyati... Klasterlar, qaydasiz deging keladi. Hozircha rangli tolaga turkiyalik ishbilarmonlar xaridor bo‘lib turishibdi. “Har qancha bo‘lsa ham sotib olishga tayyormiz, deb aytishgan”, deydi olim. Darvoqe, bunday mahsulot Turkiyaning o‘zida, shuningdek Xitoyda ham yetishtiriladi va garchi katta-katta maydonlarga ekilsa-da, hosildorlik u qadar yuqori emas.
Qurbonov boshliq kichik fidoyilar guruhi yetishtirayotgan rangli paxta oddiy navlar qatori 35 sentner atrofida hosil beradi. Suvni oz yoki ko‘p talab qilishi hozircha o‘rganilmagan. Sababi yana o‘sha moliyalashtirish masalasiga borib taqaladi.
Yangi sahifa sari
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, hozircha ko‘rgan odamni hayron qoldirayotgan rangli paxta navlari faqatgina institutning tajriba maydonida, 5-6 sotix yerda ekilmoqda. Bu Toshkentdagi bitta o‘rtacha hovlining maydoniga teng. Ilmiy tilda aytganda, “seleksion material”.
“Bu ish bilan shug‘ullana boshlaganimizga 5-6 yil bo‘ldi - deydi Abrorjon Qurbonov. - Hozircha hamma umidimiz Innovatsiya vazirligiga berilgan loyihadan. Amalga oshsa, ishlarimiz yurishib ketadi. Bordiyu amalga oshmagan taqdirda ham, shuncha mehr bergan ishimni tashlamayman. Shu paytgacha bu ishning orqasidan daromad olmadim, kuchim yetgancha ishlayveraman”.
Albatta, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishiga umid bog‘lash mumkin. Chunki Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, ilgari qishloq xo‘jaligida 31 mlrd so‘mlik loyihalar moliyalashtirilgan bo‘lsa, hozirgi kunda 63,4 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshirilayapti.
Ajab emaski, bir guruh olimlarning fidoyiligi ham munosib taqdirlanib, o‘zbek paxtachilik tarixida yangi sahifa ochilsa.