TOShKENT, 12 okt —Sputnik. Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining ahvoli yomonlashmoqda, dedi uning advokati Beka Basilaya.
Gruziya Adliya vazirligi vakillari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Mixail Saakashvili belgilangan dori -darmonlarni qabul qilmoqda, deya habar berdi TASS. Agentlik hibsga olingan Saakashvilining sog‘lig‘i haqida quyidagi ma’lumotlarni berdi: qon bosimi – 120ga 90, puls - 90, glyukoza - 101. Avvalroq, Gruziya sobiq prezidentining shaxsiy shifokori bemorining sog‘lig‘i yomonlashganini va uni kasalxonaga yotqizish kerakligini aytgan edi.
Siyosatchining o‘zi qamoqxonadan bergan navbatdagi xabarida, o‘z tarafdorlarini faol harakatga, xususan, 14-oktabrdagi aksiyada qatnashishga chorladi.
Gruziyaning sobiq prezidenti oxirgi paytda Ukrainada yashayotgan edi, u 1-oktabr kuni Tbilisida hibsga olindi va Rustavi shahridagi qamoqxonaga joylashtirildi.
Saakashvili 2004-yilning yanvaridan 2013-yilning noyabrigacha Gruziyani boshqargan va muddati tugashiga bir necha kun qolganida mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochildi, ulardan ikkitasiga hukm chiqarildi. Sud Saakashvilini Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianini o‘ldirgani uchun sirtdan uch yilga, deputat Valeriy Gelashvilini kaltaklaganiga olti yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Bundan tashqari, Saakashvili 2007-yil 7-noyabrda muxolifat mitingini tarqatib yuborish, "Imedi " telekompaniyasining davlat budjetidan mablag‘larni o‘zlashtirish ishlari bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda. Bu ishlar sud tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek hukumat davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ham ish ochgan.