TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekistondan Rossiyaga kelishuv asosida yuboriladigan 10 ming nafar quruvchi yangi turdagi “Sputnik layt” vaksinasi bilan emlanadi.
O‘zbekistondan Rossiyadagi qurilish jarayonlariga 10 ming nafar mehnat migranti ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, nomzodlarni ishga jalb qilish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili va Rossiya qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari — ish beruvchilar tomonidan qoplanishi ham aytilgan.
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mehnat migrantlarini emlash uchun yangi turdagi "Sputnik Layt" vaksinasining 12 ming dozasi respublikaga olib kelindi.
"Sputnik Layt" bir komponentli vaksina bo‘lib, u bilan to‘liq emlanish uchun vaksinaning bir dozasini olish kifoya qiladi.
Ushbu vaksina bilan faqat respublikadan yuborilishi mo‘ljallangan 10 ming nafar quruvchi migrantlar emlanadi. Vaksinatsiya jarayoni rossiyalik tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.