O‘zbekiston va Pokiston ShHT doirasida Afg‘onistonga yordam beradi

Qo‘shni davlatlar birgalikda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish hamda gumanitar inqirozning oldini olishga yordam beradi.
Sputnik
TOShKENT, 12 okt - Sputnik. O‘zbekiston va Pokiston ShHT doirasida Afg‘onistonga yordam beradi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.
Ushbu masala O‘zbekiston prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashevning Pokiston elchisi Sayid Ali Asad G‘iloniy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muhokama qilindi.
Uchrashuvda xususan, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ikki tomonlama hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, ShHT doirasida birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, qo‘shni mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish uchun mintaqa davlatlari tomonidan afg‘on xalqiga har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyning o‘rtasida Tolibon* harakati Afg‘onistonda hukumatni egallab olgan edi. Ayni damda mamlakatning barcha hududlari ushbu harakat ta’siri ostida bo‘lsa ham, lekin u yerda tinchlik o‘rnatilgani yo‘q. O‘tgan juma kuni Qnduz shahri masjidlaridan birida terakt oqibatida o‘nlab fuqarolar qurbon bo‘ldi. Undan tashqari yaqinolashib kelayotgan qish mavsumida mamlakatda oziq-ovqat, gaz va elektr energiyasi yetishmasligi xavfi saqlanib qolmoqda.
* Rossiya va boshqa davlatlarda ta’qiqlangan terrorchi harakat.