“Navoiyazot” Zarafshondagi baliqlar yoppasiga nobud bo‘lishiga oid qo‘yilgan ayblovni rad etdi

Avvalroq “Navoiyazot” yaqinida o‘tgan Zarafshon darosida baliqlar yoppasiga zaharlanib, nobud bo‘lgani xabar qilingan edi.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt — Sputnik. “Navoiyazot” AJ Zarafshon darosida baliqlar nobud bo‘lishida korxonaga qo‘yilayotgan ayblovlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, korxonaga qarashli 267-quduq orqali Zarafshon darosiga tashlanma suvlar laboratoriya tahlillaridan keyin yuboriladi va ular ekologik talablarga javob beradi. Ular asosan ishlab chiqarish maydonlaridagi yomg‘ir oqava suvlari, sovutuvchi suv aylanish tizimi va isitish qozonlarini tozalashdagi suvlardan iborat.
“Korxona sanitariya laboratoriyasi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida muntazam ravishda oqava suvlardan tahlil namunalari olinadi va mutaxassislar tomonidan nazorat qilinadi”, - deyilgan xabarda.
Xabarda yozilishicha, Zarafshon darosi nafaqat “Navoiyazot”, balki viloyatning turli sanoat va boshqa ishlab chiqarish komplekslaridan, shu jumladan, baliqchilik xo‘jaliklaridan hosil bo‘lgan barcha oqava suvlarini qabul qiluvchi havza hisoblanadi.
“Navoiyazot” yaqinida o‘tgan daroda baliqlar yoppasiga zaharlanib, nobud bo‘ldi - foto
Hozirda “Navoiyazot” mutaxassislari viloyat ekologik nazorati mutaxassislari bilan birgalikda barcha oqava suvlarning nazorat tahlillari olib borilmoqda. Jamiyat rahbariyati tomonidan tegishli choralar ko‘rilyapti.
Avvalroq “Navoiyazot” yaqinida o‘tgan Zarafshon darosida baliqlar yoppasiga zaharlanib, nobud bo‘lgani xabar qilingan edi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi daroning 5 ta nuqtasidan olingan tahlil namunalarida azot ammoniy 21 marotaba, azot nitrat 2,6 marotaba, azot nitrit 60 marotaba, xloridlar 1,3 marotaba, mis ionlari 2,1 marotaba belgilangan meyorlardan yuqoriligi hamda daroda yoppasiga zaharlanish yuzaga kelganligini aniqladi.