Mehnat migrantlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekistonda amalga oshiriladi

Rossiya milliy loyihalarini qurish maqsadida O‘zbekistondan 10 ming nafar quruvchilarni tashkillashtirilgan tartibda olib keladi.
Sputnik
TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Rossiyaning Federal Tibbiyo-biologik agentligi (FMBA) mutaxassislari kelgusi haftadan boshlab O‘zbekistonda mehnat migrantlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni boshlaydi. Bu haqida RIA Novostiga Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot kotibi Dmitriy Danilov xabar qildi.
"Shifokorlarning birinchi guruhi allaqachon Toshkentga yetib keldi, FMBAning yana 35 nafar xodimlari yakshanba kuni yetib kelishadi va dushanbadan ish boshlaydi”, - dedi Danilov.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik mutaxassislar o‘zlari bilan "Sputnik Layt" vaksinsini va kerakli uskunalarni ham olib kelishadi. Kelgusida Respublikaning boshqa hududlarida ham shifokorlarning yangi guruhlari ishlay boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda Rossiya yirik milliy loyihalarda ishlash uchun O‘zbekistondan 10 ming nafar quruvchilarni jalb qilish rejasini amalga oshirmoqda. Bunda kerakli malakaga ega bo‘lgan mehnat migrantlari suhbat asosida tanlab olinib, O‘zbekistonda tibbiy ko‘rik va rus tilidan imtihondan o‘tkazlib, tashkillashtirilgan tartibda Rossiyaga olib kelinadi.