TOShKENT, 5 okt – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli birodar mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.
Davlat rahbarlari tovar ayirboshlash hajmini yanada ko‘paytirish uchun mavjud barcha resurs va imkoniyatlarni ishga solishga kelishib oldilar.
Savdo uylarini tashkil etish va uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqishni nazarda tutgan holda o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulotlarning nomenklaturasini kengaytirish va diversifikatsiya qilish – bu boradagi yo‘nalishlardan biridir.
Turli tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan avtomobillar yig‘ish, kimoviy mahsulotlar, elektr texnikasi va maishiy texnika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, paxta tolasi va meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, logistika infratuzilmasini yaratish ham ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Mirziyoyev tegishli “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni taklif qildi.
Tomonlar transport sohasida va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Ashxobod bitimini birgalikda ilgari surish hamda Turkmanboshi dengiz portining noyob imkoniyatlaridan foydalanishni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Hamkorlikning yangi mexanizmi – Hududlararo forum o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ikki mamlakat yetakchilari xalqaro maydonda, shu jumladan BMT, MDH, YeXHT, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorligi tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin muloqotni davom ettirish va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldilar.
“Bugungi uchrashuv natijalari strategik sherikligimizni yangi, yanada salmoqli amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi, ishonch, o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga imkon beradi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralar yakunida Mirziyoyev va Berdimuhamedov Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hamraislariga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.
Shuningdek, muzokaralar davomida prezidentlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot garovi ekanini ta’kidlashdi.
Mirziyoyev afg‘on xalqiga zarur insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirishga, ushbu mamlakatda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda turkmanistonlik sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.