TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Toshkentda YPX xodimini haqorat qilgani uchun qo‘lga olingan avtobloger Bobur G‘aniyevga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB ma’lum qildi.
Avvalroq YPX xodimini haqorat qilgan avtobloger Bobur G‘aniyev ushlangani va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani xabar qilingan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi Bobur G‘aniyev va uning sheriklari — Abrorbek Qo‘ziboyev (“Epica” haydovchisi), Obid Salimov (yo‘lovchi)ga nisbatan hukm chiqargan.
Unga ko‘ra Bobur G‘aniyevga Ma’muriy javogarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani uchun (haqorat qilish) BHMning 20 barobari (5,4 million so‘m), 194-modda (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha BHMning 1 baravari (270 ming so‘m), 195-modda (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bo‘yicha esa 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Uning sheriklariga ham jarima va 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi berilgan.
“Yo‘lovchi sifatida kelayotgandim, Chilonzor tumanida YPX xodimlari bizni to‘xtatdi… Ozgina jahlim chiqib turganiga PPX va YPX xodimini haqorat qilib qo‘ydim, qonuniy talablarini bajarmadim… Pushaymonligimni aytmoqchiman. Ayrim hamkasblarimdan tasdiqlanmagan narsalarni tarqatmasliklarini so‘rayman”, — deydi avtobloger G‘aniyev.
Bundan tashqari, blogerning qo‘l telefonidan topilgan pornografik materiallar tarqatilgani yoki tarqatilmaganligini tekshirish uchun ekspertiza tayinlangan.