TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Toshkent shahri Yangihayot tumanida “Damas” haydovchisi yo‘l chetida turgan voyaga yetmagan piyodalarni urib yubordi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yo‘l-transport hodisasi 2-oktabr kuni soat taxminan soat 15:00 da Chinor va Polvonyor ko‘chalari kesishmasida ro‘y bergan. 20 yoshli “Damas” haydovchisi Abduvoris K. boshqaruvni eplay olmasdan yo‘l chetida turgan voyaga yetmagan piyodalarni urib yuborgan. Bundan tashqari, “Neksiya” avtomobiliga borib urilgan. Haydovchi “Damas”ni ishonchnoma asosida boshqargan.
YTH oqibatida piyodalar – 10-sinf o‘quvchilari Gleb K. (2005 y.t.), Sarmat M. (2005 y.t.) va Temur X. (2006 y.t.) – tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ikkala haydovchilar ham shifoxonaga yotqizilgan.
Yana bir piyoda 10-sinf o‘quvchisi Artom E. (2004 y.t.) shifoxonaga olib ketilayotgan paytda vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.