Toliblar chegaraga xudkushlar batalonini yuboradi

Bu batalon jangarilari ag‘darilgan afg‘on hukumati qurolli kuchlari hamda xorijiy harbiylarga qarshi uyushtirilgan teraktlarda qatnashishgan
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Afg‘onistonda hukumatni egallab olgan “Tolibon”* radikal harakati Xitoy va Tojikiston bilan davlat chegaralarini qo‘riqlash uchun xudkush jangarilardan tashkil topgan maxsus batalon tuzdi. Bu haqda toliblar tomonidan tayinlangan Badaxshon viloyati hokimi o‘rinbosari Nisar Ahmad Ahmadiy ma’lum qildi.
“Mansur lashkari” deb nomlangan xudkushlardan iborat maxsus batalon afg‘on chegaralariga tashlanadi”, - degan Ahmadiy. Uning so‘zlaridan “The Khaama Press” agentligi iqtibos keltirgan.
Aniqlik kiritilishicha, bu batalon jangarilari ag‘darilgan hukumat qurolli kuchlari hamda Vashington boshchiligida xalqaro koalitsiya harbiylariga qarshi uyushtirilgan teraktlarda qatnashishgan.
“Bu batalonsiz AQShning mag‘lubiyati imkonsiz bo‘lardi. Bu jasur jangchilar maxsus portlovchi kamarlar taqib yurishadi, uning yordamida ular Afg‘onistondagi Amerika bazalarini portlashishgan”, - deya ta’kidlagan Ahmadiy.
Toliblar Afg‘oniston hududida teraktlarni amalga oshirish uchun xudkushlardan 2000-yillar o‘rtalaridan boshlab faol foydalana boshlashdi. Ular bu taktikani “Al-Qoida”* terrorchilik tashkilotidan o‘rganishgan.
Qayd etish joizki, Afg‘onistonning Badaxshon viloyati Tojikiston, Pokiston va Xitoy hududlari bilan chegaradosh.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkilotlari
Toliblar Tojikiston bilan chegaradosh viloyatga minglab jangchilarini yubordi