TOShKENT, 30 sen – Sputnik. Toshkent shahri Mirobod tumanida ikki maktab o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy janjal sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, voqea 28-sentabr kuni 94 va 145-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-10 sinf o‘quvchilari o‘rtasida ro‘y bergan. Ular avvaliga telegramda o‘zaro gap talashib qolishgan. Keyin esa Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasida uchrashib, munosabatlarni hal qilishmoqchi bo‘lishgan.
“Mazkur uchrashuvga 20 nafarga yaqin maktab o‘quvchilari kelishgan va ularning bir nechtasi o‘rtasida janjal boshlangan”, - deyilgan xabarda.
Janjaldan xabar topgan hududiy profilaktika inspektorlari aralashuvi bilan mojaroning oldi olingan.
Hozirda holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Yakunida qonuniy qaror qabul qilinadi.