TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Bugun Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Qonun bilan bojxona xizmatidagi ayrim jarayonlarga yangilik va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qayd etilganidek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining (FATF) tavsiyasiga asosan naqd valyutani chegara punktlari orqali kirib kelishini nazorat etish bojxona organlari zimmasiga yuklatilgan.
Shu bois, qonun o‘z vakolatlari doirasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizm va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish vazifasi bilan to‘ldirilmoqda.
Shu bilan birga, qonun bojxona auditini amalga oshirish va hujjatlarni tekshirish, Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i asosida o‘ttiz yoshdan oshgan fuqarolarni bojxona organlarining ixtisoslashtirilgan tarkibiy tuzilmalariga xizmatga qabul qilish mumkinligini belgilovchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.
Bundan tashqari, qonunchilikda mavjud nomuvofiqliklar va noaniqliklar sababli amaliyotda uchrayotgan muammoli holatlarni bartaraf etish maqsadida bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.