TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Namangan viloyati ftiziatriya va pulmanologiya markazida o‘ta noyob jarrohlik amaliyotlari o‘tkazila boshlandi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Bu jarrohlik Moskva tibbiyot akademiyasi professori, tibbiyot fanlari doktori Oleg Zuban rahbarligida olib borildi. Unga Toshkent tibbiyot akademiyasidan tibbiyot fanlari doktori Zafar Rahmatullayev, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidan tibbiyot fanlari doktori Sarvar Alijonov va mahalliy shifokorlar Iskandar Mahmudov va Ulug‘bek Ashirovlar assisentlik qilishdi.
Shifokorlar dastlab bemor ayolni tuxumdonidagi o‘simtadan forig‘ qilishdi. Keyin esa buyrak jomchasi va siydik nayi sohasi torayishi sababli lunjidan olinib, plastika qilish jarayoni kechdi. Bu amaliyot bilan bemor buyragi sog‘lomlashtiriladi.
“Moskvalik doktorning tashrifi tarixiy ahamiyatga ega. Yurtimizda o‘zlashtirilgan yangi turdagi jarrohlik amaliyotlari qatorida qayd etilayotgan bu operatsiya bois mahalliy shifokorlar ham tajribalarini boyitish, kelgusida hech ikkilanmay bu ishni davom ettirish ko‘nikmasiga ega bo‘ldilar”,- deydi viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi direktori Iqboljon Vositov.
Taniqli shifokorlarning Namanganga tashriflari doirasida o‘nlab bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikka ham chorlandi va ular sog‘lig‘ini tiklash uchun tegishli tavsiyalar berildi.