Ispaniyada sensatsiya: Jasur Yaxshiboyev jamoasiga “Real Madrid”ni mag‘lub etishda yordam berdi

Madriddagi afsonaviy “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda o‘zbekistonlik futbolchi “Real Madrid” darvozasiga tarixiy golni kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Moldovaning “Sherif” futbol klubi Yevropa chempionlar ligasi guruh bosqichining 2 -tur uchrashuvida Ispaniyaning “Real Madrid” jamoasini 2: 1 hisobida mag‘lub etdi.
Madriddagi afsonaviy “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning 25-daqiqasida o‘zbekistonlik futbolchi Jasur Yaxshiboyev “Real Madrid” darvozasini ishg‘ol qildi.
O‘yinning 65-daqiqasida “Real” hujumchisi Karim Benzema penaltini aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ammo o‘yinning 89-daqiqasida “Sherif” yana oldinga o‘tdi – g‘alaba keltirgan golni Sebastan Till raqib darvozasiga aniq yo‘lladi. Shu tariqa, o‘yin 1:2 hisobida Jasur Yaxshiboyev jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Chempionlar ligasi “D” guruhidan o‘rin olgan “Sherif” ikki o‘yindan keyin 6 ochko bilan hozirda o‘z guruhida peshqadamlik qilmoqda. E’tiborlisi, “Sherif” futbol klubi YeChL debutanti sanaladi.
Jasur Yaxshiboyev 30-avgust kuni "Sherif" klubi safiga ijara asosida "Legiya Varshava" klubidan kelib qo‘shilgan edi.