TOShKENT, 28 sen – Sputnik. “O‘zavtosanoat” UzAuto Motors zavodi bazasida “Chevrolet Onix” va “Tracker” avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 427,7 mln dollar yo‘naltirishni rejalashtirmoqda. Bu raqamlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan qaror loyihasida keltirilgan.
Bu loyiha 2022-yil sentabrida ishga tushishi, quvvati yiliga 190 ming dona avtomobilga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, “UzAuto Motors Powertrain” zavodida yangi avtomobil modellari uchun har yili 185 mingta dvigatel ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish reja qilingan. Bunga 2020-2023 yillarda 190,8 mln dollar ajratish belgilangan.
2019 yil dekabrida UzAuto Motors 2020-yilda yagona platformadagi “Onix” va boshqa yangi modellarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasini ishga tushirishini ma’lum qilgan edi.