TOShKENT, 28 sen – Sputnik. Farg‘onadagi “Central Asia Motors Co” korxonasi negizida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 2022-2024 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga oid qarori loyihasida ma’lum bo‘ldi, deya yozadi “Spot” nashri.
Yiliga 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega loyihaning umumiy qiymati 55 million dollarga baholanmoqda. Shundan 43 million dollarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tashkil etadi.
Loyihani Xitoyning “Hong Kong ZRSC Technology” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirish mo‘ljallanmoqda
Elektromobillarni ishlab chiqarish 2022-yilning dekabridan yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Zavodda 100 ta ish o‘rni yaratiladi.
Nashrning yozishicha, O‘zbekistonda bir necha marta elektromobil ishlab chiqarish rejalashtirilayotgani haqida ma’lum qilingan. Xususan, 2018-yilda Andijon va Buxoro viloyatlarida elektromobillar ishlab chiqarilishi haqida xabar qilingan. Ammo bu rejalar amalga oshirilmagan. Bundan tashqari, Qo‘qonda “Hyundai” kompaniyasi bilan hamkorlikda elektromobillar ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilingan edi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga qiymati 9,2 mln dollarga teng bo‘lgan 501 ta elektromobil import qilingan. Elektromobil importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 7 baravarga oshgan. Elektromobillar asosan Xitoy (443 ta ), Turkiya (24 ) va Litvadan (13 t) olib kelingan.