TOShKENT, 27 sen – Sputnik. Toshkentda fuqaroga Toshkent viloyatidagi 1 gektar yer maydoni olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Departament hamda DXXning Yunusobod tumani bo‘limlari tezkor tadbir o‘tkazgan. Ma’lum qilinishicha, S.U. va B.A.lar boshqa bir fuqaro D.ga 200 ming dollar evaziga O‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi 1 gektar yerni uning nomiga rasmiylashtirib olib berishni va’da qilishgan. Buning uchun vakolatli tanishlarini ishga solishlarini aytishgan.
Ular oldindan kelishilgan pulning 10 foizi, ya’ni 20 ming dollarni olgan vaqtlarida ushlanganlar.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.