TOShKENT, 27 sen - Sputnik. Rossiyada salomatligi yomonlashib, qiyin ahvolda qolgan fuqarolar vatanga qaytarildi, deb xabar berdi Tashqi migratsiya agentligi matbuot-xizmati.
Joriy hafta davomida xorijda murakkab moliyaviy ahvolda qolgan va mehnat qobiliyatini yo‘qotgan 6 nafar fuqarolar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va O‘zbekistonning xorijdagi konsullik idoralari ko‘magida O‘zbekistonga qaytarildi.
Samarqandlik A.Q. 2020-yil mart oyida Rossiyaning Tomsk shahriga ishlash maqsadida boradi, salomatligi yomonlashganligi sababli mehnat qobiliyatini yo‘qotgan. Ushbu fuqaro Agentlik tashabbusi va homiylar ko‘magida davolanish bilan bog‘liq xarajati, oziq-ovqat va vaqtinchalik yashash joyi bilan ta’minlandi.
Shuningdek, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 22-sentabr kuni Novosibirsk-Toshkent yo‘nalishida vatanga qaytarildi.
59 yoshli farg‘onalik U.Yu. joriy yilning avgust oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borib, sog‘ligi yomonlashadi va mehnat qobiliyatini yo‘qotadi. Agentlik tomonidan homiylar jalb qilinib, 24-sentabr kuni Sankt-Peterburg-Farg‘ona yo‘nalishida O‘zbekistonga qaytib keldi.
Asli Namangan viloyatidan bo‘lgan A.I. joriy yilda Rossiyaning Novosibirsk shahridagi qurilish obyektida ishlash maqsadida ketgan, kasallikka uchrab, ishsiz qolgan. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Agentlik ko‘magida Novosibirsk-Toshkent yo‘nalishidagi aviareys bilan vatanga qaytarildi.
Andijonlik J.T. 2019-yilda qurilish sohasida ishlash maqsadida Rossiyaning Novosibirsk shahriga borib, muqim ish joylarida ishlolmaganligi sababli moliyaviy qiyin ahvolda qolgan. Fuqaroga Agentlik ko‘magida homiylar jalb qilingan holda Novosibirsk-Andijon yo‘nalishidagi aviareys bilan O‘zbekistonga qaytish uchun avia chipta tashkil qilindi.
51 yoshli navoiylik I.P. Rossiyaning Novosibirsk shahriga sog‘ligi yomonlashishi natijasida moliyaviy qiyin ahvolda qoladi. Agentlik tashabbusi bilan saxiy insonlar ko‘magida vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Qashqadaryolik M.M. joriy yilda ijtimoiy tarmoqdagi e’lon asosida Ukrainaning Kiyev shahriga borib, taklif etilgan kompaniya bilan kelisholmay moliyaviy qiyin ahvolda qoladi. O‘zbekistonning Ukranidagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda 22-sentabr kuni Kiyev-Toshkent yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga qaytishiga ko‘maklashildi.