TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Namangan viloyatida ijtimoiy tarmoq orqali terrorchilar ta’siriga tushib qolib, ularga tegishli materiallarni tarqatgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
IIV Kiberxavfsizlik markazi va viloyat IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tezkor-texnik tadbir o‘tkazgan. Unda “Odnoklassniki” foydalanuvchisi “Imom al-Buxoriy katibasi” xalqaro terrorchilik guruhi faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi g‘oyalar aks etgan videomateriallarni o‘z sahifasiga joylashtirgani aniqlangan.
Ma’lumotni tekshirish vaqtida u Namangan viloyatida yashovchi 24 yoshli fuqaro I.A. ekani aniqlangan va u qo‘lga olingan.
Hozir fuqaro I.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.