Shavkat Mirziyoyev SamDUga Sharof Rashidov nomini berishni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev SamDuna Sharof Rashidov nomini berishni va Samarqand Tibbiyot institutini universitet maqomiga ko‘tarishni taklif qildi.
Sputnik
TOShKENT, 24 sen - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Samarqand davlat universitetiga Sharof Rashidov nomini berishni taklif qildi.
Bu haqida O‘zbekiston prezidenti, O‘zLiDeP partiyasidan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan saylovchilar bilan uchrashuv vaqtida ma’lum qildi.
"Samarqand davlat universitetiga ushbu qutlug‘ maskanda tahsil olgan, shu yerda ishlagan, respublikamizda ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli adib Sharof Rashidov nomini bersak, nima deysizlar?, - deb samarqandlik saylovchilarga murojaat qildi prezident.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Samarqand tibbiyot institutiga universitet maqomini berishni taklif qildi.
"Shuningdek, Samarqand tibbiyot institutiga universitet maqomini berish haqida alohida qaror qabul qilsak, o‘ylaymanki, ushbu yirik oliygohning mavjud salohiyati va kelgusi rivoji uchun yanada puxta zamin yaratgan bo‘lamiz", - deb so‘zini davom ettirdi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, 24-oktabr kuni O‘zbekistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekistonning 5ta yetakchi partiyalaridan nomzodlar ishtirok etishadi.
Samarqand davlat universiteti

1420 yilning 21-sentabri - Mirzo Ulug‘bek madrasasi tashkil etilgan kun rasman SamDU tashkil topgan kun deb hisoblanadi. Ushbu kundan boshlab madrasada algebra, geometriya, huquq kabi fundamental fanlardan dars berish boshlangan.

Yangi tarixda universitet o‘z faoliyatini 1927yilda Oliy pedagogika instituti sifatida boshladi. 1961-yilda uning nomi Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti deb o‘zgartirildi.

Turli yillarda SamDUda Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Muhammad Asimi, Abdullo G‘ani, Mirtemir, Usmon Nosir, Xabib Yusufiy kabi taniqli davlat arboblari, olim va shoirlar tahsil olgan.