TOShKENT, 23 sen – Sputnik. O‘zbekistonning milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazayotgan jinoyatlarning aksariyati - davlat xaridlari sohasida sodir bo‘lmoqda, dedi Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘qib eshittirgan tahliliy ma’lumotda. Sputnik muxbiri xabariga asosan.
“O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarning aksariyati davlat xaridlari sohasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, davlat xaridlari jarayonida korrupsiyaga qarshi samarali nazorat tizimining yo‘qligi sababli narxlarni sun’iy oshirish, talon-torojliklar hamon saqlanib qolmoqda”, - deyilgan xabarda.
Xususan, davlat xaridlari jarayonida tanish-bilishchilik, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilayotganligi, xarid g‘olibini aniqlashda ma’lumotlarning yetarlicha ochiqlanmayotganligi aniqlangan.
Deputatlar Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi axborotidan, xulosa qilgan holda Agentlikka quyidagi takliflarni bildirishdi:
Milliy manfaatlariga va Respublika imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlar toifasining aniq ro‘yxatini tuzish;
Bunday jinoyatlarni tergov qilish natijalari tahlilini o‘tkazish uslubini yo‘lga qo‘yish;
davlat organlari faoliyatida korrupsiyaviy xavflarni baholash elektron tizimini yaratish;
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining huquqlarini jinoyat-protsessual qonunchilikda aks ettirish.
Undan tashqari tadbirda qonun ijodkorligi, parlament nazorati hamda korrupsiyaga qarshi targ‘ibot ishlarida Oliy Majlis tegishli qo‘mitalari bilan Agentlik o‘rtasidagi hamkorlik talab darajasida emasligi haqida fikr bildirildi.