TOShKENT, 23 sen – Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasining 94 foizdan ziyodi delimitatsiya va demarkatsiya komissiyasi tomonidan kelishib olindi. Bu haqda Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi elchisi Ibragim Junusov ma’lum qildi.
Elchining so‘zlariga ko‘ra, hozirda davlat chegarasining qolgan 6 foizini delimitatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston va Qirg‘izistonning davlat chegarasi uzunligi 1,38 ming kilometrni tashkil etadi. O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan 4 ta eksklavlar Qirg‘iziston hududida joylashgan.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning joriy yil mart oyidagi O‘zbekistonga rasmiy tashrifi davomida ikki davlat rahbarining muzokaralari yakuni bo‘yicha O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini huquqiy rasmiylashtirishni tez fursatlarda yakunlash va o‘tish punktlarini to‘laqonli ishlashini ta’minlash bo‘yicha amaliy qadamlar belgilangani ma’lum qilingan edi.