TOShKENT, 23 sen - Sputnik. O‘zbekiston harbiylari “Tinchlik missiyasi – 2021” o‘quv-mashqlarida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda Mudofaa vazirligi.
ShHTga a’zo davlatlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan mashqlarda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar o‘z mahoratlarini namoyish qilishdi va tashkilotchilar hamda hamkorlar e’tirofiga sazovor bo‘lishdi, - deyilgan xabarda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatidagi "Donguz" dala o‘quv maydonida bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda O‘zbekistondan tashqari Rossiya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston, Pokiston, Belarus, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari ishtirok etishdi.
Birlashgan qo‘shinlar shartli raqibning hujumini qaytarib, qarshi hujumga o‘tishdi va raqibning asosiy kuchlarini yakson qilishdi. Qarshi hujumda Su-34 bomardimonchi va Su-25 hujumchi samolyotlari raqibni bombabo‘ron qilishdi, artilleriya va raketa zarbalari berildi hamda raqib ichki hududiga internatsional kuchlardan iborat desant tushirildi.