TOShKENT, 23 sen – Sputnik. Rossiyaning “Resurs+” korxonasi 47 nafar o‘zbekistonlik fuqarolar bilan mehnat shartnomalarini muddatdan oldin bekor qildi. Bunga ularning spirtli ichimliklarni ish joyida muntazam iste’mol qilgani va mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarni buzganliklari sabab bo‘lgan. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Agentlik xabariga ko‘ra, Rossiyaning Perm shahridagi qurilish obyektlarida ishlash uchun kelgan bir guruh o‘zbekistonlik mehnat migrantlari va’da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani, qishki maxsus kiyimlar bilan ta’minlanmaganliklari haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilishgan.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 21-may kuni Rossiyaning “Resurs+” MChJ va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Ushbu kelishuvga muvofiq, iyun-avgust oylarida Andijon (8), Namangan (4), Farg‘ona (351) va Qashqadaryo (47) viloyatlaridan 410 nafar fuqaro tashkillashtirilgan tartibda Perm o‘lkasiga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun yuborilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu fuqarolarning Rossiyaga borish bilan bog‘liq transport xarajatlari “Resurs+” korxonasi hisobidan qoplangan.
“Biroq ishlash uchun yuborilgan fuqarolarning 47 nafari mehnat shartnomasida belgilangan majburiyatlarini buzib, mehnat shartnomasi talablariga rioya etmagan. Xususan, spirtli ichimliklarni ish joyida iste’mol qilish kabi holatlar muntazam kuzatilganligi sababli, ushbu mehnat migrantlari bilan mehnat shartnomalari muddatdan oldin bekor qilinib, O‘zbekistonga qaytarilgan”, - deyilgan xabarda.
Xabarda yozilishicha, fuqarolarning ishlagan davri uchun oylik ish haqi, ish beruvchi tomonidan qilingan xarajatlarni qaytarish masalalari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va ish beruvchi korxona o‘rganib chiqmoqda.