Kimlar xususiy shifoxonalarda bepul muolaja olish mumkin

O‘zbekistondagi xususiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar toifalari ma’lum qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 22 sen – Sputnik. O‘zbekistonda fuqarolar xususiy shifoxonalarda bepul muolaja olishlari mumkin. Bu haqida “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022-yil 1-yanvarga qadar xususiy tibbiyot muassasalari tibbiy xizmat ko‘rsatishdan bo‘shaydigan mablag‘larni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) ko‘rsatishga yo‘naltirganda, barcha turdagi soliqlar to‘lashdan ozod etilgan.
Bunda soliq imtiyozi taqdim etilgan xususiy tibbiy muassasa aholining quyidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi:
o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalar;
1 va 2 guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar;
muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolar;
ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarga chalingan shaxslar;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
1941-1945 yillardagi urush davrida mehnat fronti qatnashchilari.
Shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan boshqa shaxslarga ham xususiy shifoxonalarda bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.